Andijon Davlat
Universiteti
OLIY TA'LIM MUASSASALARIDA PEDAGOGIKA YO'NALISHIDA MAXSUS SIRTQI BO'LIMLARNI TASHKIL ETISH TO'G'RISIDA
2017-08-10    10148
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
 
Bugungi kunda xalq ta’limi tizimida jami 15359 ta ta’lim muassasasi, jumladan, 4893 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 9680 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 23 ta Mehribonlik uyi, 304 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 211 ta “Barkamol avlod” markazi, 227 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlarini va bilim yurtlarini bitirgan 97 564 nafar pedagog kadrlar faoliyat yuritmoqda. 
Mazkur ta’lim muassasalarining maktabgacha, boshlang‘ich, musiqa, tasviriy san’at, chet tillari, mehnat ta’limi, jismoniy tarbiya yo‘nalishlari va boshqa fanlar bo‘yicha oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, tumanlar va qishloq joylardagi ta’lim muassasalarini yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash hamda ularni tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish orqali ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida: 
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin. 
2. Pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga ushbu ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin. 
3. Belgilab qo‘yilsinki: 
oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari ehtiyojlari asosida tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi; 
maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bitta talabani bir yillik o‘qitish qiymatini aniqlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi; 
maxsus sirtqi bo‘limda o‘qiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtida ularning oylik maoshlari asosiy ish joyida saqlangan holda bir o‘quv yilida ikki marta bir oydan o‘quv ta’tili beriladi. Bunda o‘quv ta’tillari qoida tariqasida umumta’lim muassasalaridagi qishki va yozgi ta’til vaqtiga to‘g‘ri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat ta’tillarini berish tartibi ham saqlanib qoladi; 
talabalarning oliy ta’lim muassasasida o‘qishda bo‘lgan davriga to‘g‘ri keladigan dars soatlari o‘qishga yuborgan ta’lim muassasasining o‘qituvchilari (xodimlari) tomonidan mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari asosida o‘tiladi; 
maxsus sirtqi bo‘lim talabalari o‘qishga kirishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy ta’lim muassasasi va talaba o‘rtasida o‘qishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yo‘llanmasida ko‘rsatilgan ish joyida (ta’lim muassasasida) besh yildan kam bo‘lmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuziladi; 
maxsus sirtqi bo‘limlarda ta’lim yo‘nalishlari xususiyatiga qarab bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni nisbati qonun hujjatlarida belgilangan normativlar asosida belgilanadi; 
oliy ta’lim muassasasida maxsus sirtqi bo‘lim o‘quv jarayonini tashkil etishga fakultet dekani maqomidagi bo‘lim boshlig‘i rahbarlik qiladi. 
4. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga 2017/2018 o‘quv yili uchun: 
oliy ta’lim muassasalari maxsus sirtqi bo‘limlarida o‘qish uchun tavsiyanoma beruvchi vazirliklar va idoralar ro‘yxatini; 
maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari ehtiyojlari asosida vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan takliflarni inobatga olgan holda maxsus sirtqi bo‘limlarga qabul kvotalarini; 
maxsus sirtqi bo‘limlarga qabul qilish tartibi va mezonlari hamda uch tomonlama shartnoma shaklini tasdiqlash huquqi berilsin. 
Kelgusi o‘quv yillariga qabul kvotalari oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan tartibda belgilanadi. 
5. Pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot berish sirtqi ta’lim shaklida tashkil etilsin, bunda ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-kursidan (o‘quv rejalardagi fanlar farqidan qat’iy nazar) kamida 3-yil muddat etib belgilansin. 
2017/2018 o‘quv yili uchun maxsus sirtqi va sirtqi ta’limlarda o‘quv jarayoni istisno tariqasida joriy yilning 1-oktabridan boshlanishi belgilab qo‘yilsin. 
6. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2017-yil 30-sentabrgacha: 
2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining maxsus sirtqi bo‘limiga 1-kursga talabalarni qabul qilish yuqori saviyada va adolatli o‘tkazilishini ta’minlasin; 
oliy ta’lim muassasalarining maxsus sirtqi bo‘limlari tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv rejasi va fan dasturlarini tasdiqlasin, shuningdek, ularga muvofiq fanlarni o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin; 
pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlarda dars berishga yuqori salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirsin; 
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalari tomonidan tasdiqlangan shtatlar jadvali, daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni va ular belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin. 
7. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi bo‘lim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlari hamda o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilansin va uning huzurida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-metodik faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil qilinsin. 
Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin: 
maxsus sirtqi bo‘limlar orqali umumta’lim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun pedagog kadrlar tayyorlash ta’lim mazmuni zamonaviy talablarga uyg‘un rivojlantirilishini ta’minlash hamda mazkur jarayonlarga ilmiy-metodik rahbarlikni amalga oshirish; 
maxsus sirtqi bo‘limlar o‘quv jarayonlariga ilg‘or xorijiy tajriba, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni hisobga olgan holda malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirib borish; 
maxsus sirtqi bo‘limlar o‘quv jarayonlariga pedagogika sohasi olimlari va mamlakatimizning yetuk mutaxassislari jalb etilishini tashkil etish; 
pedagogika sohasining dolzarb ilmiy muammolarini hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlar, jumladan, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borilishini muvofiqlashtirish; 
pedagoglik kasbining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, jumladan, yoshlarni o‘qituvchilik kasbiga yo‘naltirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish; 
maxsus sirtqi bo‘limlar faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, jumladan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash, hududlardagi oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish. 
8. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligi 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalari zarur o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlanishini moliyalashtirishning aniq choralarini ko‘rsin. 
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda maxsus sirtqi bo‘limlarga qabul qilish tartibi, mezonlari hamda tuziladigan uch tomonlama shartnoma shaklini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 
10. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; 
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin. 
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin. 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOYEV 
Toshkent shahri, 2017-yil 9-avgust 
 
* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
 
“Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus 
 
sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga
 
 
 
SHARH
 
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, yoshlarga sifatli ta’lim berish asosida ularni intellektual, estetik va jismoniy barkamol rivojlantirish, ularga ta’lim va tarbiya berayotgan o‘qituvchilarning yuqori malakaga ega bo‘lishini ta’minlash bilan bog‘liq muhim yo‘nalishlar belgilab berildi. 
Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan globallashuv zamonida yoshlarimizni yot g‘oyalardan asrash, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, fan, texnika va texnologiyalarning zamonaviy rivojlanish darajasiga mos bilim berish orqali ularni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashda ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining o‘rni beqiyosdir. 
Hozirgi kunda o‘quvchi yoshlarimiz respublikamizda faoliyat olib borayotgan 15359 ta ta’lim muassasasi, jumladan, 4893 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 9680 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 23 ta Mehribonlik uyi, 304 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 211 ta “Barkamol avlod” markazi, 227 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabida ta’lim-tarbiya olmoqda. Ushbu ta’lim muassasalarida o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlarini oldingi yillarda bitirgan 97564 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. O‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar Qashqadaryo viloyatida 13048 nafarni, Surxondaryo viloyatida 9447, Samarqand viloyatida 8907, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4835, Toshkent viloyatida 5004, Namangan viloyatida 4653, Xorazm viloyatida 4192, Andijon viloyatida 4260, Buxoro viloyatida 3366, Jizzax viloyatida 1871, Farg‘ona viloyatida 2048, Navoiy viloyatida 1282 nafarni tashkil qiladi. 
Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 112261 nafar boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisining 41718 nafari (37,2%) o‘rta maxsus ma’lumotli. Jumladan, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining Qashqadaryo viloyatida 9014 nafari (62,1%), Surxondaryo viloyatida 6035 nafari (53,2%), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3144 nafari (41,4%), Samarqand viloyatida 5551 nafari (42,7%) o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar sanaladi. 
Maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan jami 57974 nafar pedagog xodimning 36305 nafari (63%) o‘rta maxsus ma’lumotga ega. 
Shu munosabat bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori oliy ta’lim tizimida umumta’lim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun zamonaviy o‘qitish usullarini egallagan o‘qituvchilarni tayyorlash orqali ushbu muassasalarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, ularda dars berayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun zarur sharoitlar yaratishni nazarda tutadi. 
Qarorga ko‘ra, ta’lim muassasalarining maktabgacha, boshlang‘ich, musiqa, tasviriy san’at, chet tillari, mehnat ta’limi, jismoniy tarbiya yo‘nalishlari va boshqa fanlar bo‘yicha oliy ma’lumotli o‘qituvchi va tarbiyachilarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash orqali ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab, 15 ta oliy ta’lim muassasasida pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etiladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizning chekka tumanlarida, qishloq joylarida faoliyat olib borayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarning o‘zlari istiqomat qilayotgan viloyat markazlaridagi oliy ta’lim muassasalarida oliy ma’lumot olishlari uchun sharoit yaratadi. 
Oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil qilingan maxsus sirtqi bo‘limlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari ehtiyojlari asosida o‘rta maxsus ma’lumotga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga, shuningdek, ushbu ta’lim muassasalarining idoraviy bo‘ysunuviga muvofiq tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega bo‘lgan pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi. 
Qarorning e’tiborli jihatlaridan yana biri maxsus sirtqi bo‘lim talabalariga qator imtiyozlar berilishi bilan bog‘liq. Jumladan, sirtqi bo‘limda o‘qiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtida ularning asosiy ish joyida oylik maoshlari saqlangan holda bir o‘quv yilida ikki marta bir oydan o‘quv ta’tili beriladi. Bunda o‘quv ta’tillari, qoida tariqasida, umumta’lim muassasalaridagi qishki va yozgi ta’til vaqtiga to‘g‘ri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat ta’tillarini berish tartibi ham saqlab qolinadi. 
Maxsus sirtqi bo‘limga qabul qilishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy ta’lim muassasasi va talaba o‘rtasida o‘qishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yo‘llanmasida ko‘rsatilgan ish joyida (ta’lim muassasasida) besh yildan kam bo‘lmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuzilishi nazarda tutilgan. 
Ushbu qarorda pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot berish sirtqi ta’lim shaklida tashkil etilishi, bunda ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-kursidan (o‘quv rejalardagi fanlar farqidan qat’iy nazar) kamida 3-yil muddat etib belgilandi. 
Ta’kidlash joizki, 2017/2018 o‘quv yili uchun maxsus sirtqi va sirtqi ta’lim shaklidagi o‘quv jarayoni, istisno tariqasida, joriy yilning 1-oktabridan boshlanadi. 
Qarorga muvofiq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi bo‘lim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlari, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarni yaratish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi. Uning huzurida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-metodik faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat yuritadi. Shuningdek, qarorda Muvofiqlashtiruvchi kengashning pedagog kadrlar tayyorlash mazmunini zamonaviy talablarga uyg‘un rivojlantirishni ta’minlash bilan bog‘liq asosiy vazifalari belgilab berildi. 
Tegishli vazirlik va idoralarga 2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining maxsus sirtqi bo‘limiga 1-kursga talabalarni qabul qilishni yuqori saviyada va adolatli o‘tkazishni ta’minlash, ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv reja va fan dasturlarini tasdiqlash, ularga muvofiq fanlarni o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish topshirildi. 
Shuningdek, pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlarda dars berish uchun yuqori salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish bilan bog‘liq alohida vazifalar qo‘yilmoqda. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi umumta’lim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining yuqori malakali pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bilan bir qatorda pedagogik faoliyat olib borayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli yoshlarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu, o‘z navbatida, pedagoglik kasbining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, jumladan, yoshlarni tizimli asosda o‘qituvchilik kasbiga yo‘naltirishga xizmat qiladi. 
Mazkur qaror mamlakatimiz uzluksiz ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, yoshlarimizning ma’naviy barkamol, bilimli, intellektual rivojlangan bo‘lib ulg‘ayishlarini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarga yangi kuch bag‘ishlaydi.
 
Manba: http://uza.uz

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.