Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI RESPUBLIKAMIZDA QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA MANBALARINI RIVOJLANITIRISH HABIGA AYLANMOQDA
2019-04-24    4647

Bugungi kunda insoniyatni o’ylantirayotgan eng muhim muammolardan biri mavjud energiya taqchilligidir. Dunyoda energiya manbalari uchun kurash kechayotgan bir vaqtda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni joriy etish kelajakda iqtisodiyotimizning barqaror rivoji uchun xizmat qilishi shubhasiz.

Joriy yilning 23-aprel kuni Andijon davlat universiteti “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit” Forsayt markazida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarinin rivojlantirish va barqaror atrof muhit” borasida “fan-ta’lim-innovatsiya” bilimlar uchburchagi” mavzusida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda bu boradagi masalalarga nazariy jihatdan yechimlarini topishga xizmat qildi.

Ushbu seminarda O’zR FA akademiklari Bahodirxonov Muhammadkabir Saidxonovich, Sirojiddin Zaynobiddinov, fizika-matematika fanlari doktorlari, professorlar G’.G’ulomov, R.Rasulov, texnika fanlari doktori, professor R.Aliyev, vodiy viloyatlari oliy ta’lim muassasalarining olimlari, doktorantlar, tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdilar.

Seminarni universitet rektori Akramjon Yuldashev ochib, - “O’zbekiston iqtisodiyotini kelajakda rivojlantirish uchun o’ta muhim turli sohalar orasida energetika va ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, sof va barqaror atrof muhitni asrashga yo’naltirilgan amaliy harakatlar ustuvor yo’nalishlardan biridir. So’nggi uch yil mobaynida universitetimizda ham mazkur sohada diqqatga sazovor ishlar amalga oshirildi. Ma’lumki, har qanday sohani rivojlantirishning eng asosiy omili zamonaviy malakali kadrlar bilan ta’minlash sanaladi. Shuni hisobga olgan holda, soha bo’yicha respublikada birinchi marotaba magistratura mutaxassisligi ochildi. Yevropa universitetlari tajribasini bevosita o’rganish, yangi mutaxassislik uchun yangi o’quv fanlari dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish orqali ta’limga innovatsion texnologiyalar olib kirildi. Oldinda Yevropaning nufuzli ITI va OTMlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, kadrlar tayyorlashda “ta’lim-fan-ishlab chiqarish” integratsiyasini ta’minlash kabi muhim vazifalar turibdi”, - deya o’z fikrlarini bildirdi.

Shundan so’ng akademik, yarimo’tkazgichlar fizikasi fotoelektrik energiya manbalarini rivojlantirish borasidagi respublikadagi eng yetakchi olimlardan biri, TDTU professori M.S.Bahodirxonov “Yarimo’tkazgichlarda hajmiy nanoklasterlarni shakllantirish orqali fotoelektrik energiya manbalari samarodorligini oshirish” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada olim qayta tiklanmaydigan va tiklanuvchi energiya turlari, zahiralari, manbalari ularning rivojlantirish istiqbollarini respublikamiz va jahondagi holatini tahlil qilib berdi. Respublikamiz ilmiy jamoatchiligi, oliy ta’lim muassasalari, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilishi lozim bo’lgan aniq vazifalarni ko’rsatib berdi. Olim bu borada oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan erishilgan yutuqlarni ko’rsatish bilan bir qatorda hali qilinishi lozim bo’lgan ishlar juda ko’p ekanligini tahliliy materiallar yordamida ochib berdi. Akademik so’zining so’nggida, Andijon davlat universiteti esa, bu sohada respublikamizdagi eng yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri ekanini, shu yo’nalishda kadrlar tayyorlashni yo’lga qo’yilganligi, zamonaviy o’quv va ilmiy laboratoriyalarining faoliyat yuritishi mamlakatimizda kelajak energiya manbalari rivojlantirishda alohida o’rin tutishini bildirib o’tdi.

Seminarda shuningdek, akademik S.Zaynobiddinov “Respublikada an’anaviy va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlanitirish”, professor G’.G’ulomov “Elektromagnit maydondagi p-n-o’tishlarda elektr yurituvchi kuchning paydo bo’lishi”, professor R.Rasulov “Yarimo’tkazgichlarda fotogalvanik effektlar va fotonika istiqbollari”, professor R.Aliyev “Yarimo’tkazgichli uchinchi avlod quyosh elementlari yaratishning istiqbollari” mavzularida nazariy va amaliy ahamiyatga ega ma’ruzalar va tadqiqot natijalari taqdim etildi. Seminar davomida ishtirokchilar o'quv va ilmiy laboratoriyalarda olib borilayotgan tadqiqot ishlari bilan ham tanishdilar.

Seminarda respublikamizdagi mazkur sohadagi barcha ish olib borayotgan ITI va OTMlar, ishlab chiqarish korxonalarining oldida turgan vazifalarni hal etish uchun mavjud ilmiy salohiyatni birlashtirish to’g’risidagi takliflar bildirildi.

Seminarning yana bir ijobiy natijalaridan biri, loyihada ishtirok etish istagida bo’lgan Namangan va Farg’ona davlat universitetlari nazariyotchi olimlari oldiga uchinchi avlod quyosh elementlari yaratish borasidagi tadqiqot yo’nalishlari aniqlab berildi.

Anjumanda dasturga kiritilgan barcha ma’ruzalar amalga oshirilganligi va talabalar, magistrantlar, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik vakillarining ishtiroki uning ahamiyatini yanada oshirdi.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.