Andijon Davlat
Universiteti
BOBURNING BARHAYOT SIYMOSI
2019-02-14    9457

Jahon tarixida juda ko’plab mashxur hukmdorlar, olim-u fozillar, shoir-u yozuvchilar o’tgan. Biroq, ham ilm-fanda, ham adabiyot va san’atda, ham siyosiy jarayonlarda yuksak e’tirofga sazovor bo’lganlar juda kam. Adolatli hukmdor, mohir sarkarda, nozikta’b shoir, sinchkov olim, Andijon farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur ana shunday daholardan biridir.

Zahiriddin Muhammad Bobur dunyo tarixida eng yosh hukmdorlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Taxtga o’tirganda u 12 yoshda edi. Bobur 20 yoshida arab yozuvini isloh etib, o’zi yangi bir alifbo «Xatti Boburiy» ni ixtiro qilgan.

Bobur aruz ilmida Alisher Navoiydan ham o’zib ketgan. Xatto Navoiyning aruzda yo’l qo’ygan ayrim juz’iy xatolarini to’g’rilagan. Bobur 140 ta vaznlar miqdorini 272 taga, 19 ta bahrni esa 21 taga yetkazgan.

Hashtiyak qishlog’ida muzni yorib o’n olti marta sho’ng’ib cho’milishi, Hirot-Qobul yo’lida o’zi qorni ko’chirib yo’l ochib borgani, bir insonning ham ma’nan, ham jismonan yetuk bo’la olishiga aniq isbotdir.

Bobur Mirzo dunyo tarixida eng kam sonli qo’shin bilan ulkan armiyani yengan mohir sarkarda sifatida nom qozongan. U 1526 yil 21 aprelda Panipat jangida Ibrohim Lo’diyning 100 ming kishilik askarini 12 ming qo’shini bilan mag’lub etgan.

Bobur dunyo tarixida boshqa Sharq hukmdorlaridan farqli ravishda saltanati tarixini o’zi yozdi. Bu mashxur «Boburnoma» asari edi. Taomilga ko'ra saltanat tarixi saroy tarixchilari tomonidan yozilgan. Bobur tarixnavislikda ham o'ziga xos yo'l tanladi. Shu bois professor S.Jalilov Boburni «O’RTA ASR GERODOTI» deb ta’riflagan.

Shuningdek, asar geografiya, bilogiya, kimyo, toponimika va boshqa fanlarga oid ilmiy tahliliy ma’lumotlar, o’sha davrda O’rta Osiyo, Eron, Afg’oniston, Hindistonga oid muhim materiallar berilganligi bilan shuhrat topgan.

Bu yil buyuk bobomiz tavalludining 536 yilligi respublikamizda keng nishonlanmoqda.

Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida ham Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi keng nishonlanmoqda. Universitet katta majlislar zalida ''Barhayot Bobur'' nomli ilmiy, adabiy, badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. Kechada universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari, Andijon shahridagi 45605-sonli harbiy qism askarlari ishtirok etdilar. Tadbirni ochib bergan universitet rektori A.S.Yuldashev yurtimiz daholar yurti ekani, ajdodlarimiz dunyo tamadduniga sezilarli hissa qo’shganini ta’kidlar ekan, bunda Andijon farzandi Zahiriddin Muhammad Boburning o’rni beqiyos ekanini qayd qildi. A.S.Yuldashev o’z fikrini davom ettirib, Bobur asos solgan imperiya jahon tarixida o’chmas iz qoldirib, hozir Hindistonning tashrif qog’oziga aylangan Toj Mahal ham aynan shu sulola davrida qurilganini aytib o’tdi. Ayniqsa, Bobur va uning vorislari Hindistonda diniy bag’rikenglik siyosatini qo’llab, mamlakatni adolatli boshqarganliklari sabab hind xalqi Bobur va Boburiylarni bosqinchi sifatida emas, o’zlarining buyuk ajdodi sifatida e’tirof etishlari uning qanday odil hukmdor ekanligini ko’rsatadi deya o’z fikrini yakunladi.

Tadbirda dotsent Z.Qodirov Bobur hayoti va ijodiga oid ilmiy ma’ruza qildi. So’ngra shoir ijodidan na'munalar o‘qildi, uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Bobur g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar musiqa ta'limi yo‘nalishi talabalari tomonidan jonli ijro etilishi esa ishtirokchilarga o’zgacha shukuh baxsh etdi. Boburning hayoti aks ettirilgan sahna ko‘rinishi esa barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Mehmon sifatida tadbirga taklif etilgan Andijon shahridagi 45605-sonli harbiy qism askarlari esa Boburning vatanga bo'lgan cheksiz muhabbatini o’ziga xos  harbiy vatanparvarlik chiqishlari bilan tarannum etib, ishtirokchilar qalbida vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’ularini yanada kuchaytirishga xizmat qildilar.

Bobur tavalludiga bag‘ishlab, tasviriy san'at va muhandislik grafikasi yo‘nalishi talabalari tomonidan ''Yulduzli tunlar'' tarixiy romani epizodlari tasvirlangan san'at na'munalari tanlovi ham barcha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Yakunda tadbirni tayyorlashda ishtirok etgan bir guruh professor-o‘qituvchilar, talabalar va harbiy qism askarlari universitet kasaba uyushma qo‘mitasining Bobur hayoti va ijodini aks ettiruvchi turli xil kitob va boshqa esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

 

Usmonjon Rahimov
O'zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.