Andijon Davlat
Universiteti
Talabalar uchun haq toʻlanadigan amaliyot oʻtash tartibi belgilandi
2024-02-01    161

Hukumat qarori (11-son, 08.01.2024-y.) bilan Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi

Nizomga koʻra, haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalar oʻrtasida har yili kamida bir marotaba tanlov oʻtkaziladi.

Bunda amaliyot oʻtash uchun 500 ta (Toshkent shahri uchun – 45 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar uchun – 35 tadan) oʻrin ajratiladi. Tanlovda ishtirok etish uchun talaba arizani shaxsan oʻzi, pochta orqali yoki elektron shaklda oʻzi oʻqiyotgan oliy taʼlim tashkilotiga topshiradi.

Tanlovda qatnashish uchun talaba:
— bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan boʻlishi;
— taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) tarmoq korxonasidagi faoliyat yoʻnalishiga mos boʻlishi;
— Oʻzbekiston rezidenti boʻlishi lozim.

Oliy taʼlim tashkiloti ariza bergan talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yoʻllanma xati bilan Maxsus komissiyaga 5 ish kunida taqdim etadi. Maxsus komissiya ushbu hujjatlarni kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni davomida koʻrib chiqib, talabani tanlovda ishtirok etishi yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Maxsus komissiya tomonidan talaba amaliyotini tashkil etish ish rejasi himoyasi (taqdimot koʻrinishida) oʻtkazilib, 20 kun ichida yakuniy qaror qabul qilinadi. Yakuniy qaror qabul qilingandan 10 ish kuni davomida tanlov natijalari boʻyicha maʼlumot Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Amaliyot 1 oydan 3 ochgacha boʻlgan davr mobaynida oʻquv rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Talabaning amaliyot oʻtashi uchun sinov muddati belgilanmaydi. Gʻolib talabalarning amaliyoti boʻyicha xarajatlar Maxsus komissiya tomonidan yakuniy qaror qabul qilingandan soʻng 15 kun davomida qoplanadi. Bunda talabaga BHMning 2 baravari miqdorida ish haqi va unga hisoblangan ijtimoiy soliq tegishli hisobraqamiga oʻtkaziladi. Nizom harbiy va harbiylashtirilgan oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.


ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI
Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.