Andijon Davlat
Universiteti
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ–888, 25.12.2023-y.) bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi
2024-01-24    217

Qonun bilan viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida koʻrish bosqichi joriy etildi.

Apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilindi hamda ularning zimmasiga ish boʻyicha yakuniy qaror chiqarish masʼuliyati yuklatildi. Ishni taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda, shuningdek ishni yuqori instansiya sudida taftish tartibida qayta koʻrishda ishtirok eta olmaydi.

Kassatsiya instansiyasi sudining kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilishni rad etish, uni qaytarish, koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan, shuningdek kassatsiya instansiyasi sudining Kodeksda ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) nazarda tutilgan boshqa ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berilishi mumkin.

Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari, ushbu sudlarning taftish instansiyasining sud hujjatlari va ushbu sudlar tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari, shuningdek Oliy sud tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari ustidan Oliy sudning Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Oliy sudning Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari, shuningdek taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan Oliy sud Rayosatiga taftish tartibida protest keltirishi mumkin.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) ishni taftish tartibida koʻradigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari nomiga yoʻllanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.

Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud taftish tartibidagi shikoyat (protest) kelib tushgan kundan eʼtiboran 5 kunlik muddatda uni ishni taftish tartibida koʻradigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga ish bilan birga yuborishi shart.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir yil ichida beriladi.

Batafsil: https://lex.uz/docs/6711090

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI
Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.