Andijon Davlat
Universiteti
QO‘SHMA TA'LIM DASTURI TALABALARI O‘QISHINI XORIJDA DAVOM ETTIRMOQDALAR
2021-09-10    4505

Andijon davlat universiteti hamda Rossiyaning Mordoviya milliy tadqiqotlar universiteti hamkorligidagi qo‘shma ta'lim dasturi talabalari Rossiya Federatsiyasida o‘qishini 3-bosqichdan davom ettirmoqdalar.

 

Ma'lumki, 2018-yilda ikki hamkor universitet Filologiya (rus tili filologiyasi) bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha "double degree" qo‘shma ta'lim dasturini yo‘lga qo‘ygan edilar. Shartnomaga ko‘ra qabul qilingan talabalar ta'limning dastlabki ikki yilida Andijonda o‘tkazsalar, keyingi ikki yilda Mordoviya milliy tadqiqotlar universitetida o‘qishlari lozim edi.

 

2019/2020-o‘quv yilida qo‘shma ta'lim dasturiga birinchi qabul amalga oshirilgan edi. Dastlabki ikki kursda o‘quv rejasida belgilangan fanlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan 18 nafar talaba joriy yilning 25-avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Saransk shahriga yetib bordilar. Saranskda Mordoviya davlat universiteti xalqaro alaoqalar boʻlimi rahbari Y.V.Soldatova boshchiligidagi jamoa talabalarni kutib oldilar.

 

26-avgust kuni talabalar yotoqxonaga joylashish bilan birga Saransk shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdilar.

 

Keyingi kuni Mordoviya davlat universiteti Filologiya fakulteti dekani T.I.Mochalova boshchiligida rus tili, rus tili xorijiy til sifatida kafedra mudirlari va fakultet faollari ishtirokida uchrashuv tashkil qilindi.  Uchrashuvda talabalarning fakultetdagi keyingi faoliyati, oʻquv, ilmiy-tarbiyaviy yoʻnalishlar asosida tashkil qilinishi lozim boʻlgan ishlar tushuntirildi. Talabalar oʻzlari qiziqqan savollarga javoblar oldilar.

 

Talabalar 1-sentyabrdan N.P.Ogaryov nomidagi Mardoviya ilmiy tadqiqotlar universitetida 3-kursdan o‘qishni boshladilar.

 

Ma’lumot uchun, Andijon davlat universiteti bugungi kunda xalqaro hamkorlik bo‘yicha katta yutuqlarga erishmoqda. Xususan, birgina Rossiya Federatsiyasining 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik universitet talabalariga ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mordoviya milliy tadqiqotlar universiteti bilan hamkorlik aloqalari esa 2018-yildan beri yuqori darajada davom ettirilmoqda.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.