Andijon Davlat
Universiteti
“YANGI O‘ZBEKISTONDA ERKIN VA FAROVON YASHAYLIK” G‘OYASINI AMALGA OSHIRISH – ENG OLIY MAQSADIMIZ
2021-09-06    10527

Mustaqillik – bu avvalo, ruhiy ozodlik, fikriy erkinlik bilan bog‘liq insonning eng oliy qadriyatlaridan biridir. O‘zbekiston xalqi ham uzoq yillar kutgan, orzu qilgan istiqlol xalqimizga eng avvalo, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini, suverenitetini, ma’naviy qadriyatlarini, iqtisodiy erkinlikni taqdim etdi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilning 31 avgust kuni Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasidagi nutqida ham mustaqillikning ahamiyatiga alohida urg‘u berdi. Istiqlol yillarida xalqimiz o‘z irodasi va salohiyati tufayli asrlarga teng taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani ta’kidlandi. Yangi O‘zbekiston bog‘ida tashkil etilgan tantanalar o‘zgacha shukuhda o‘tkazildi. Ayniqsa, bog‘dagi Mustaqillik monumenti o‘zining mustaqillikka erishish yo‘lidagi tarixiy jarayonlarni to‘liq aks ettirishi, tomoshabinda jarayon haqida aniq taassurotlar qoldirishi, o‘zgacha salobat to‘kib turishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Bugun O‘zbekiston taraqqiyotning yangi yo‘liga tushib oldi, erkin va ochiq fuqarolik jamiyati qurish, mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlari shiddat bilan kechmoqda. Xalqimizni tinch va farovon hayot kechirishini ta’minlash eng yuqoridan to quyi davlat idoralarigacha bo‘lgan butun bir tizim faoliyatining bosh mezoniga aylangan. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda avvalo, inson huquqlarini ta’minlash, xalq davlatning birdan bir manbai ekanligini amalda ta’minlash, davlat boshqaruv tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilish, jahon savdosiga teng huquqlar asosida qo‘shilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, sarmoyaviy jozibadorlikni oshirish va ta’lim tizimini chuqur isloh etish orqali uni taraqqiyot lokomotiviga aylantirishga kirishildi.

Prezidentimiz ta’lim tizimini isloh qilish masalasiga alohida to‘xtalib, “...agar biz ta’limni o‘zgartirsak, ta’lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi.”, - deya fikr bildirdi. Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarning bosh ijrochisi ham biz o‘zimiz, O‘zbekiston fuqarolari. Islohotlar natijasi ham bevosita fuqarolarimiz hayotini farovon etish uchun xizmat qiladi. Bu jarayonda yuksak bilim va salohiyatga ega kadrlar hal qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqadilar. Uzluksiz sifatli ta’lim tizimigina aynan shunday kadrlarni yetkazib bera oladi. So‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlari, jumladan, oliy ta’lim tizimini uyg‘otish, mustaqil fikrlovchi, bilimli kadrlarni tayyorlash masalasida qator amaliy ishlar qilindi.

Birinchi navbatda, Oliy ta’limni rivojlantirishning 2030 yilgacha bo‘lgan konsepsiyasi ishlab chiqilishi bizga asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi. Konsepsiya asosida o‘qishga kirishda adolatli va shaffof tizimni yaratildi. Bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun alohida kvotalarning ajratilishi yo‘lga qo‘yildi. Masalan, joriy yilda 3 ming 155 ta, “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun – 1 ming 580 ta, kam ta’minlangan oilalarga mansub xotin-qizlar uchun – 2 mingta qo‘shimcha davlat granti ajratildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich moliyaviy va akademik mustaqillik berish yo‘lga qo‘yildi va 10 OTM moliyaviy mustaqillikka ega bo‘ldi. Oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish izchil amalga oshirilib, 2021/2022 o‘quv yilidan aksariyat OTMlar kredit-modul tizimiga o‘tdi. Bu dunyoning yetuk o‘quv yurtlari bilan akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yishga imkon yaratdi. O‘quv jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar esa, ta’lim jarayonini tashkiliy jihatdan osonlashtirish, optimallashtirish va pirovardida sifatli ta’limni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Yurtimizdagi OTMlararo hamda xorijiy OTMlar bilan integratsiyalashuv bir necha karra oshdi, 60 dan ortiq xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilib, yetuk xorijiy OTM o‘quv dasturlari o‘zlashtirilmoqda. Yana bir muhim yangiliklardan biri mamlakatimizdagi OTMlarni xalqaro reytinglarda yuqorilashi uchun kompleks dastur ishlab chiqildi va dastlabki qadam sifatida 10 OTMni TOP-1000 talikka kiritish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Andijon davlat universitetida ham so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida kechayotgan islohotlarga hamohang tarzda bir qancha amaliy ishlar qilindi. Birinchidan, zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari ochildi, masalan, 2016 yilda universitetda 23 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlangan bo‘lsa, bu yil 50 ta ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, qabul kvotalari 2016 yilda 1160 tani tashkil etgan bo‘lsa, 3800 taga yetdi. Shu yillarda mos ravishda talaba soni 7600 tadan 22500 taga yetib, uch baravar o‘sishga erishildi. Talabalar soni oshishi bilan tabiiy ravishda professor-o‘qituvchilar soni ikki barobarga oshganiga qaramay universitet ilmiy salohiyat darajasi nafaqat saqlab qolindi balki, 3 foizga oshib, 30.1% ga yetdi. Xorijiy talabalar qabuli uch karra o‘sdi. Bugungi kunda universitetimiz dunyoning 42 ta oliy ta’lim muassasalari bilan akademik va ilmiy hamkorlikda ish olib bormoqda. Hozirda 3 ta: Rossiyaning Mordoviya va Tomsk davlat universitetlari hamda Belarus Respublikasining Polosk davlat universiteti kabi yetuk xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan 7 ta yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlari ochilgan bo‘lib, ularda 250 dan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Hamkor OTMlardan biri Tomsk davlat milliy tadqiqot universiteti QS xalqaro reytingida 250 o‘rinda turadi.

Talabalarni ijtimoiy himoya qilishda ham mutlaqo yangicha tizim yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2021 yilning o‘zida universitet tomonidan "temir daftar" ga kiritilgan oila farzandlari, "ayollar daftari" va "yoshlar daftari" ga kiritilgan talabalardan 56 nafariga shartnoma pullarning bir qismi to‘lab berildi.

So‘nggi yillarda talabalarni turar joylar bilan ta’minlash masalasi ham keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu og‘riqli masalani yechish uchun joriy yilda universitetda 500 o‘rinli TTJ qurilishi boshlandi. 2025 yilga qadar esa, ana shunday 6 ta TTJ qurilishi belgilab olindi. Ushbu o‘quv yilidan boshlab ijarada turuvchi talabalarning 50% ijara pulini to‘lab berilishi katta yangilik bo‘ldi.

Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimi ham chuqur islohotlarni boshdan kechirmoqda. Masalan, bunda ikki bosqichli tizim yaratilib, tayanch doktorantura va doktorantura uchun qabul kvotalari keskin oshirildi. Ularning moddiy ta’minotini yaxshilash maqsadida stipendiyalar tayinlandi. 2018 yilda doktoranturaga qabul kvotalari 17 ta bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich deyarli uch barobar oshib 50 tadan oshdi. Bunday amaliy ishlarni yana uzoq davm ettirishimiz mumkin. 

Biroq, Mustaqillik bizga bergan keng imkoniyatlardan to‘liq foydalana olganimizcha yo‘q. Kelajakda bizning oldimizda qator vazifalar kutib turibdiki, ularni amalga oshirmasdan turib farovon hayotga yeta olmaymiz.

Birinchidan, qabul kvotalarini oshirishni davom ettirish va bitiruvchilarni 50-60 foizga yetkazish lozim. Ikkinchidan, oliy ta’lim muassasalari tom ma’noda ilm-fan markaziga, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining lokomativiga aylanishi universitetlar qoshida yuksak texnologiyalar bilan ta’minlangan ilmiy laboratoriyalarni tashkil etishimiz lozim. Uchinchidan, oliy ta’lim tizimida ham xususiy oliy ta’lim tashkilotlarini ko‘paytirish va ularga davlat OTMlari bilan sof raqobat muhitini shakllantirishimiz lozim. To‘rtinchidan, zamonaviy dunyo talab qiladigan ta’lim yo‘nalishlarini ochishimiz lozim. Beshinchidan, zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratishni rag‘batlantirish, tan olingan xorijiy o‘quv adabiyotlarini tarjima qilish tizimini yo‘lga qo‘yishimiz lozim.

Yuqoridagi ustuvor maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha universitetimizda ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan va uni ohiriga yetkazishda og‘ishmay mehnat qilamiz. Zero, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu shiorni amalga oshirish bizning eng oliy maqsadimiz bo‘lib qoladi.

Akramjon Yuldashev
Andijon davlat universiteti rektori
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.