Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETIDA INNOVATSION TEXNOLOGIYA JORIY ETILDI
2021-01-25    1560

Universitetning fizik olimlari tomonidan soʻngi yillarda innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasida bir qator yutuqlarga erishilmoqda. Ular tomonidan yaratilgan oʻnlab ixtiro va foydali modellarni “Global ekologik muammolar davri”da, xususan ekologik sof Quyosh energiyasidan foydalanish borasida insoniyat ehtiyojlari uchun xizmat qildirishga astoydil bel bogʻlandi.

2016-yildan boshlangan yevropa ittifoqining “Erasmus+” dasturining “RENES” loyihasi asosidagi xalqaro hamkorlik mazkur maqsadga oʻzgacha kuch-qudrat bagʻishladi. Universitetda 2018-yilda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit fizikasi” mutaxassisligi boʻyicha Yevropa standartlari asosida magistratura va 2019-yildan mazkur yoʻnalish boʻyicha doktorantura ochildi. Bunday ijobiy oʻzgarirshlar qatorida 2019-yildan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” oʻquv-ilmiy laboratoriyasining tashkil etilishi va uning Germaniya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va AQSHdan keltirilgan eng zamonaviy avtomatlashtirilgan jihozlar bilan taʼminlanishi professor R.Aliyev boshchiligidagi oʻnlab yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Universitetda 2019-2021-yillarda Jahon bankining moliyaviy koʻmagi asosida bajarilayotgan “AIF - 2/7” xalqaro loyihasi esa, mazkur laboratoriyani moddiy-texnik mustahkamlashga, magistratura va doktorantura talabalarining tadqiqotlarini yuqori saviyaga koʻtarishga hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini tubdan kengaytirdi. 


Tadqiqotchilar guruhi tomonidan 2020-yil davomida yaratilgan 9 ta ilmiy ishlanmaga Oʻzbekiston Respublikasi patenti va 1 ta ishlanmaga Rossiya Federatsiyasining patentini olish boʻyicha rasmiy hujjatlar yuborildi. 10 dan ziyod ilmiy maqolalar nufuzli xorijiy jurnallarda nashr etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2021-yilda taʼlimni rivojlantirish borasida “Fizika va chet tillarini oʻqitishni ustivor deb belgilash toʻgʻrisida” berilgan taklifiga javoban universitet tadqiqotchilari dastlabki ilmiy-texnik ishlanmalarini amaliyotga joriy etishni boshlashdi. Jumladan yanvar oyida universitetning maʼruzalar korpusi tomiga har birining quvvati 3 KVt×soat boʻlgan 2 ta quyosh fotoelektrik energetik qurilmalari va har birining quvvati 150 litr×soat boʻlgan quyosh suv isitish kollektorlari oʻrantildi.

Mazkur energetik qurilmalar bir tomondan - tadqiqotchilarning yangi ilmiy –texnik ishlanmalarini sinash va amaliyotga joriy etishga tavsiya etish uchun xizmat qilsa, ikkinchi tomondan - universitetning elektr energiyaga va issiq suvga boʻlgan ehtiyojini qisman boʻlsada qoplashga moʻljallangan. Tadqiqotchilarning fikricha, hozirgi qish davrida kuniga 2-6 KVt×soat elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan mazkur qurilmalar universitetga quyoshli bahor kunlaridan boshlab kuniga 50-78 KVt×soat elektr energiyasini tejashga imkon beradi. “Solar Energy” suv isitish qurilmasi universitetning issiq suvga boʻlgan ehtiyojini deyarli toʻla taʼminlaydi.
Andijon davlat universitetida bunday innovatsion texnologiyani joriy etilishining yana bir qator muhim jihatlari diqqatga sazovordir. Birinchidan, Andijon viloyati va aholisi uchun quyosh energiyasidan foydalanishning samarali ekanligi amalda namoyish etiladi. Ikkinchidan, mazkur soha boʻyicha yosh mutahassis kadrlar tayyorlash samarasi koʻtariladi. Uchinchidan, ehtiyojlari turli miqdorda boʻlgan yuridik va jismoniy subyektlarga quyosh energetik qurilmalarni buyurtma asosida oʻrnatish va xizmat koʻrsatishga moʻljallangan yuqori kvalifikatsiyaga ega boʻlgan jamoa shakllanadi.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.