Andijon Davlat
Universiteti
Andijon davlat universitetida “Rektor stipendiyasi” hamda “Yil talabasi - 2020” g‘oliblari taqdirlandi
2020-12-04    1920

Bugun, 3 dekabr kuni, Andijon davlat universitetida qator tanlovlar, ko‘rik tanlovlarda ishtirok etgan talabalar uchun taqdirlash marosimi tashkil etildi. Unda 2020 yil davomida respublika, viloyat va universitet miqyosida o‘tkazilgan tanlovlar, talabalar onlayn fan olimpiada sovrindorlari, davlat stipendiyasi sohiblari hamda turli tanlov va ma’naviy ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelayotgan yoshlar tantanali ravishda taqdirlandi.

 

Dastlab, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish uchun ta’sis etilgan «Andijon davlat universiteti rektori stipendiyasi» g‘olibi Mahmudov Muhammadxon Nuralixon o‘g‘li maxsus diplom va bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.

 

Qiziqarli baxslar, kuchli raqobat ostida o‘tkazilgan «Yil talabasi - 2020» ko‘rik-tanlovining universitet bosqichi g‘oliblarini taqdirlash jarayoni ham juda hayajonli o‘tdi. Yilning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha eng bilimdon talabasi, Yilning eng faol tashabbuskor-targ‘ibotchi talabasi, Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi, Yilning eng faol sportchi talabasi, Yilning eng faol bloger talabasi, Yilning eng faol ijodkor talabasi, Yilning eng namunali tadbirkor talabasi kabi 7 ta nominatsiya bo‘yicha universitetning eng iqtidorli 70 dan ortiq talabalari ishtirok etgan tanlovda 1-, 2-, 3- o‘rinni egallagan 23 nafar talaba sahnaga olqishlar ostida birin-ketin taklif etildi. Universitet rektori qo‘lidan diplom hamda tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 7, 6 va 5 barobari miqdorida pul mukofotlarini qabul qilib oldilar.

Ma’lumki, pandemiya davrida karantin cheklovlari o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay ko‘plab onlayn tanlovlar, fan olimpiadalari ham o‘tkazildiki, bu yoshlar uchun katta imkoniyatlarni taqdim etdi. Xususan, ushbu o‘quv yilida respublika fan olimpiadalari ham, onlayn tarzda tashkil etilgan bo‘lib, unda turli fan yo‘nalishlari bo‘ycha universitetimizning 6 nafar talabalari faxrli 2-o‘rinni, 3 nafari esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Taqdirlash marosimi davomida universitet rektori Akramjon Yuldashev barcha talabalarni shaxsan o‘zi taqdirlab, ertamiz egalarini bilim olishga, yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishga chaqirdi, ularga keyingi o‘qish va ishlarida omadlar tiladi.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.