0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

HAYOT KITOBI - Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatnomasiga munosabat

05 Yanvar 2021 yil, Seshanba
Ko'rilgan: 203

Muallifi: Mirzohid Botirov
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi direktori

Dunyoda shunday jannatmakon yurt borki, u yurtda olib borilayotgan har bir harakatning zamirida inson manfaatlarini himoya qilish yotadi. Bu yurt mening tengsiz va dilbar Vatanim Oʻzbekiston! Ha, ana shu muqaddas zaminda har bir insonning bilim olib, yetuk va komil inson boʻlishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Boshqacha aytganda, inson huquqlari qomusimiz bilan kafolatlab qoʻyilgan. Bugun har bir inson yuzida hayotdan rozi boʻlib yashash ifodasi zohir boʻlmoqda. Qayga bormang, yurtimizning qaysidir goʻshasida boʻlmang, yurtdoshlarimizning kayfiyati baland, yuragida ulkan orzular va ezgu niyatlar qanotida yashayotganini koʻrasiz.



Kuni kecha muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida kirib kelayotgan yangi 2021-yilga “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berishni taklif qilgani koʻnglimizni osmon qadar shodlantirgan boʻlsa, ushbu Murojaatnomani oynai jahon orqali tinglash asnosida, unda har bir soha boʻyicha amalga oshirilishi moʻljallangan islohotlarning ishlab chiqilgani va ularning amaliyotga joriy etish uchun taklif etilgani, ayniqsa, oliy va oʻrta maxsus taʼlimi tizimiga joriy etiladigan ishlar haqida aytilgani, yurtimizning barcha fidoiy maʼnaviyatchilari, ziyolilari qatori mening ham yuragim toʻlqinlanib ketdi. Ayniqsa, 2021-yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar, jumladan, ziyolilar zimmasida turgan ulkan va masʼuliyatli vazifalar borligi va ushbu vazifalar ijrosini aʼlo darajada taʼminlash uchun ustoz-murabbiylarimiz asosiy kuchlardan biri boʻlishi kerakligi  har bir professor-oʻqituvchining ulkan maqsadiga aylanmogʻi zarurligini anglab yetdim.

Ushbu tadbirda Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan kirib kelayotgan yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berish taklif etilganiga agar jamiyatning ongli bir fuqarosi sifatida yillarning nomlanishiga eʼtibor beradigan boʻlsam, har bir yilning nomlanishida chuqur maʼno, mazmun, maqsad borligini koʻramiz. Yillar nomlarini bevosita keltirsam, “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, endi esa “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”. Yillarning nomlanishidan bir-birini mantiqiy davom ettirgani hamda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning uzviyligi qay darajada ekanini koʻramiz. Ayniqsa, kelayotgan yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi asosiy kuchimiz va tirgagimiz boʻlgan, jannatlarga monand Oʻzbekiston ertasi boʻlgan, umidimiz yulduzlari yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash hamda xalqimizning salomatligini mustahkamlash borasida olib borilishi zarur boʻlgan ishlarning amaliy ijrosini koʻrsatish yoʻlida xalqimizga xos boʻlgan xislat va fazilatlarni yana bir bor butun jahonga baralla koʻrsatishda oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan tib ilmining sultoni Ibn Sino bobomizning “Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir boʻladigan qiyinchiliklardan qoʻrqmaydi” degan purmaʼno soʻzlari yangrashi yoshlarimizni kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshadi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan ziyoli inson sifatida Murojaatnomada keyingi yildan boshlab oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishi, oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazilishi, aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishi, 65 ta akademik litsey oliy oʻquv yurtlari tasarrufiga oʻtkazilishi, 187 ta texnikum ham oʻz yoʻnalishi boʻyicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalarga biriktirilishi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurtlarining magistratura va doktoranturasida oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilishi, 30 ta yetakchi OTMga oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi berilishi, “Fizika” va “Xorijiy tillarni oʻqitish” keyingi yil uchun ustuvor fan yoʻnalishlari sifatida belgilanishi, raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida universitet tashkil etilishi, xususiy oliygohlarga ham kerakli mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasi berish tizimi yoʻlga qoʻyilishi bilan bogʻliq qator takliflarning belgilab berilganidan ushbu sohada yetarlicha muammolar oʻz yechimini kutayotganini anglashimiz mumkin.

Barchamizga maʼlumki, yurtimizda oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻ eʼtiborini oshirish yuzasidan xayrli ishlar olib borilmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan har bir chiqishlarida “Yangi Oʻzbekistonni qurish-maktab ostonasidan boshlanadi” degan soʻzlarning aytilishi va ushbu soʻzlarning asosiy tasdigʻini qanchalik toʻgʻri ekanligini bugun hayotning oʻzi isbotlab turibdi. Shu bilan birgalikda, bugun Oʻzbekistonda uchinchi Renessansni barpo etish masalasi asosiy ustuvor masala boʻlganligi uchun ham bugun biz ziyolilar ajdodlarimiz Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Navoiy va Boburlarga munosib vorislar tarbiyalash yoʻlida fidoiylik bilan xizmat qilishimiz lozim. Mustaqil Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun munosib hissa qoʻshadigan, har tomonlama bilimli va komil insonlarni va maʼnan yetuk yoshlarni tarbiyalash biz ziyolilarga asosiy masala qilib qoʻyilar ekan, shu oʻrinda Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan aytilgan Hazrat Alisher Navoiyning “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et” degan soʻzlari yuragimdan oʻtaveradi. Ha, darhaqiqat, insonlarga mehr ulashib, yaxshilik qilishni istaydigan inson borki, ilm va kasb-hunar oʻrganmogʻi kerak. Bu yoʻlda tinmay izlanmoq, ilm-fan sirlarini egallamoq zarur. Ajdodiga munosib vorislar tayyorlash asosiy maqsadi boʻlgan ustozlarning bilim darajasi ham bugungi kun talabiga javob berishi va ular bu yoʻlda asosiy masʼulligini his qilishlari lozim. “Fizika” va “Xorijiy tilarni oʻqitish” fanlarini ustuvor fan sifatida oʻqitish taklifi bildirilgani ham qaysidir maʼnoda yoshlarimizga boʻlgan ishonchni anglatadi. Chunki, bugun hayotning oʻzi xorijiy tillarni va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni mukammal biladigan, fizik qonuniyatlarni chuqur biladigan yoshlar bilan tegishli sohalarda ulkan yutuqlarga erisha olishimizni  koʻrsatayapti.

Umuman olganda, Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasini men har bir sohada aniq va manzilli takliflar, dasturlar, kutilayotgan natijalar yoritib berilgan HAYOT KITOBIGA mengzagim keldi. Ushbu Murojaatnoma biz uchun keyingi bir yil davomida hayot yoʻllarimizda har bir sohada amalga oshirilishi moʻljallangan ibratli va xayrli ishlardan va xalqimizni oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashlari uchun tuzilgan HAYOT KITOBI hisoblanadi. Men ishonaman, ushbu HAYOT KITOBINI ANGLASH VA UNI UQISH YOʻLIDA olib boriladigan ishlar kelgusida albatta oʻz samarasini beradi. Men ziyoli toifasiga mansub inson sifatida jonajon Oʻzbekistonim uchun uning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish yoʻlida ushbu HAYOT KITOBIGA ezgulik ulashish yoʻlidagi ishlarim bilan oʻz hissamni qoʻshaman hamda yurtdoshlarimni ham HAYOT KITOBINING SAHIFASINI FIDOIYLIK BILAN BEZASHGA CHORLAB QOLAMAN.

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2004-2021. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!
XORIJIY ABITURIYENTLAR DIQQATIGA!!!